Chirchiq vodiysidagi mahalliy aholi qoʼlda ip yigirishda foydalangan charx. Hunarmandchilik mahsuloti. Muzey fondidan kirish raqami ChShTMKK 6-2311, ВИ-1-46-sonli yordamchi inventar raqamlarida belgilangan. Davri XIX asr oxiri XX asr boshi. Oʼlchami: 55 x 42 sm.
CHАRX — qoʼlda ip yigirishda foydalaniladigan qadimi asbob. Unda, asosan, paxta, jun va b. tolalar yigiriladi. Koʼrinishi dasta bilan aylantiriladigan gʼildirak (baraban) shaklida boʼladi. Oʼrta Osiyoda paxta ekib, ip yigirish milod boshidayoq maʼlum boʼlgan. Paxta va jun tolasidan ip yigirish uchun oldin urchuq, keyin uni takomillashtirib, Charx yasalgan. XVIII-asrda mashinada ip yigirishga oʼtilgach, Charxga ehtiyoj kamaygan, lekin ayrim chekka joylarda undan hali ham foydalaniladi.
Ip yigirish — tolali oʼsimlik (jut, zigʼir, kanop, paxta), jun va ipak tolalaridan, kimyoviy tolalardan har xil yoʼgʼonlikka hamda turli fizikaviy xossalarga ega boʼlgan iplar tayyorlash jarayoni. Ip yigirish qoʼlda va mashinalar-da amalga oshiriladi. Qoʼlda ip yigirish soʼnggi neolit davridan maʼlum. Keyinchalik jahondagi deyarli barcha xalqlar orasida keng tarqaldi. Paxta tolasidan ip yigirish dastlab Hindistonda maʼlum boʼlgan. Oʼrta Osiyoda paxta ekib, ip yigirish va gazlama toʼqish milod boshidayoq rasm boʼlgan edi. Qoʼlda yigirishning eng oddiy usuli barmoklar yordamida tolalardan pilik tayyorlab va uni osilgan holatda ushlab kaftlar orasida asta-sekin ingichkalashtirishdan iborat boʼlgan. Keyinchalik dugli urchuq paydo boʼldi va ip tayerlash ancha osonlashdi.
Oʼzbekistonda qadimiy urchu ancha takomillashtirilib, gʼildirakli charx yasaldi. Bunday charxning gʼildiragi qoʼlda aylantirilardi, shunda uning urchugʼi chilvir orqali uyoqdan-buyoqqa burilardi. Borabora charx takomillashtirila borildi. Urchuq yoki charxda ip yigirish uchun tolalar oldin yogʼoch taroqlarda tarab tekislab olinar edi. Yigirish uchun tayyorlab olingan tolalardan piliklar tayyorlanib, ulardan ingichka-yoʼgʼonligi deyarli bir xil iplar eshilardi. Qoʼlda yigirish usuli ayrim joylarda hozir ham qoʼllanadi.
Chirchiq shahar tarixi muzeyi bosh muhofizi X.А.Tuychiboev